Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

TEST O`TKAZISH QOIDALARI

Abituriyentlar test sinovlari o`tkaziladigan kuni bino hududiga soat 8:00 gacha, auditoriyaga soat 8:30 gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan kiritiladi. Test sinovlari boshlangan (soat 8:30)dan keyin abituriyent auditoriyaga kiritilmaydi.

Soat 8:30 dan 9:00 gacha abituriyentlar javoblar varaqasini to`g`ri to`ldirish tartibi bilan tanishadilar va uning tegishli joyiga o`zlari to`g`risidagi ma'lumotlarni yozadilar. Bu vaqt test o`tkazish uchun ajratilgan vaqt me'yoriga kirmaydi.

Test boshlangandan keyin hech kim auditoriyaga kiritilmaydi va test topshiriqlari bo`yicha abituriyentlar bilansavol-javob qilinmaydi.

Abituriyent javoblar varaqasi raqami bilan savollar kitobi raqamining bir-biriga mosligini va savollar kitobida fanlar bo'yicha test savollarida tipografik xato yoki boshqa nuqsonlar yo`qligini tekshiradi. Agar test savollarida nuqson bo`lganda darhol bu haqda auditoriya rahbariga xabar beradi.

Abituriyentjavoblar varaqasi berilgandan keyin abituriyent ruxsatnomasi va titul varaqasining tegishli joylariga javoblar varaqasi raqamini ko`chirib yozadi. Shundan so`ng, titul varaqasida ko`rsatilgan ta'lim muassasasining kodi, maxsus kod va tanlov kodini javoblar varaqasiga ko`chirib yozadi va tegishli doirachalarni bo`yaydi.

Abituriyenttomonidan titul varaqasidan javoblar varaqasiga ko`chirilgan ta'lim muassasasi kodi, maxsus kod va tanlov kodini abituriyentning ta'lim tili, ta'lim yo`nalishi, ta'lim muassasasi, ijodiy va chet tili imtihonlari ballari hamda harbiy imtiyozini belgilovchi yagona ma'lumot bo`lganligi sababli, to`ldirilmagan javoblar varaqasi bo`yicha natija chiqarilmaydi va e'tirozlar qabul qilinmaydi.

Abituriyent javoblar varaqasining 1-blokiga va savollar kitobi muqovasining belgilangan joyiga o`zi haqidagi tegishli ma'lumotlarni yozib, imzo qo`yadi. Agar abituriyent tomonidan ushbu ma'lumotlar kiritilmagan taqdirda, ixtiyoriy bosqichda dalolatnoma tuziladi va test sinovi bo`yicha natija chiqarilmasligiga asos bo`ladi.

Savollar kitobidagi har bir fan 36 ta topshiriqni o`z ichiga oladi.

Abituriyentga test topshiriqlarini bajarish uchun quyidagi vaqt me'yorlari belgilanadi:

72 savolga — 2 soat;

108 savolga — 3 soat.

Har bir savolga 4 tadan («A», «B», «C», «D») javoblar varianti berilgan bo`lib, abituriyent ulardan faqat bittasini savollar kitobchasida belgilashi (savollar kitobida belgilangan javoblarni o`zgartirish mumkin), keyinchalik javoblar varaqasining mos fan blokidagi doirachani belgilangan tartibda bo`yashi kerak (javoblar varaqasida belgilangan javoblarni o`zgartirish mumkin emas).

Har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanishi shart. Agar javoblar varaqasidagi «Belgilash uchun namuna» qoidasiga rioya etilmasa, jumladan bitta savolga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo`yalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha bo`yalsa yoxud to'liq bo`yalmasa ushbu javobga ball berilmaydi.

To`ldirilgan javoblar varaqasi abituriyentning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.

Javoblar varaqasi abituriyent tomonidan havo rang pastali sharikli ruchka bilan to`ldiriladi.

Javoblar varaqasi to`g`ri to'ldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni noto`g`ri belgilagan abituriyentlarning e'tirozi ko`rib chiqilmaydi.

Javoblar varaqasini to`ldirishga test sinovi uchun belgilangan vaqt me'yoriga qo'shimcha 20 daqiqa ajratiladi.

Abituriyent tomonidan uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish qat'iy man etiladi.

Test sinovlari o`tkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lug`at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan bo`lsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, abituriyent test sinovlarini o`tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va Davlat test markazi vakili tomonidan dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi*.

Izoh: O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-iyuldagi 205-sonli qarorining 2-ilovasigamuvofiq O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to`g`risida Nizom"ga yuqoridagi tahrirda o'zgartirish kiritilgan.

Abituriyentlar diqqat qiling! Avvallari test sinovlari o`tkaziladigan binoga kirishda abituriyentda mikrokalkulyator, lug`at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar mavjudligi aniqlansa, ulardan bu vositalar olib qo`yilgan va o`zlari binoga kiritib yuborilgan. 2012-yildan boshlab test sinovlari o`tkaziladigan binoga kirishda abituriyentda mikrokalkulyator, lug`at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar mavjudligi aniqlansa ular binoga kiritilmaydi va tegishli dalolatnoma tuzilib, test jarayonidan chetlashtiriladi.

Test sinovi jarayonida abituriyent tomonidan savollar kitobi varag`i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi.

Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qo`shimcha test sinovlari o`tkazilmaydi.

Test sinovlarini topshirish vaqtida abituriyentning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, auditoriyadan chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qo`yilmaydi, sog`lig`ining yomonlashishi va boshqa shu kabi holatlarda test materiallarisiz qavat bo`yicha vakil kuzatuvi ostida auditoriyadan chiqish hollari bundan mustasno.

Auditoriya rahbari tomonidan testni bajarish uchun ajratilgan vaqt tugagani va savollar kitobidan javoblar varaqasining mos ravishda fan bloklaridagi doirachalarga bo`yash uchun qo`shimcha berilgan yigirma daqiqalik vaqt boshlanganligi e'lon qilinganda abituriyent savollar kitobi bilan ishlashni to`xtatib, savollar kitobidan javoblar varaqasining mos ravishda fan bloklaridagi doirachalarni bo'yashni boshlashi, qo`shimcha ajratilgan vaqt tugagani e'lon qilinganda javoblar varaqasi bilan ishlashni to`xtatishi shart.

Abituriyent test savollari yoki test sinovlarini o`tkazish jarayoni yuzasidan e'tirozlari mavjud bo`lganda, test materiallarini topshirganidan so`ng, shu kunning o`zida qabul komissiyasi, Davlat test markazining ta'lim muassasasi yoki bino bo'yicha vakili orqali Davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.